"Hokimlar yerlarni tanlashda, eng avvalo, kengayish istagida yurgan, loyihasi tayyor tadbirkorlar so‘ragan joylarni auksionga chiqarishi zarur",
- dedi Prezident.
Masalan, Yunusoboddagi “Mingboyev robotiks” korxonasi nogironligi borlar uchun protez va ekzo-skeletlar yasab, 100 ga yaqin odamni faol ijtimoiy hayotga qaytargan. Tadbirkor faoliyatini kengaytirish uchun nogironligi bo‘lgan odamlar bemalol kirib-chiqishi uchun qulay joy so‘ragan.
Bunday yuqori texnologiyali mahsulot yaratadigan tadbirkorlarga 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat obyektlari 5 yilga bepul ijaraga berilishi belgilandi.
Shu bilan birga, bu borada yangi tizim joriy qilinadi: 15 ta tuman va shaharda barcha davlat idoralari tumanlar markazidagi bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chiriladi. Yangi binolarning 1-2-qavatlari tadbirkorlarga sotiladi.
Ushbu tumanlarda davlat idoralaridan bo‘shaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinadi.
Bu yil kichik va o‘rta biznes loyihalari infratuzilmasiga ajratilishi belgilangan 1 trillion so‘mga qo‘shimcha 500 milliard so‘m ajratiladi.

