Prezident Shavkat Mirziyoev 27 mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish boʼyicha joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan kengaytirilgan yigʼilish oʼtkazdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, yer va inshootlardan samarali foydalanish maqsadida xususiylashtirish boʼyicha keng koʼlamli ishlar qilinmoqda. 2021-2024 yillarda 47 trillion soʼmlik davlat aktivlari sotilgan. Bu – oldingi oʼn yillikdagi koʼrsatkichdan 30 karra koʼp.
Bular hisobiga davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 karra qisqardi, iqtisodiyotda davlat ulushi 13 foizga kamaydi. Xususiylashgan mulk samaradorligi ham bir necha barobar oshdi.
Oldinlari, asosan, kichik korxona va obʼektlar sotilgan boʼlsa, endilikda yirik davlat aktivlari ham sotuvga chiqarilmoqda. Jumladan, Qoʼngʼirot soda zavodi, “Foton”, “Temiryoʼlkonteyner” kabi yirik korxonalar, “International” va “Lotte” mehmonxonalari xususiylashtirildi.
Oʼtgan yili noyabrda ilk bor “xalq IPO”si boʼyicha Tovar-xomashyo birjasining 3 milliondan ortiq aktsiyasi aholiga sotildi, 11 ming odam aktsiyadorga aylandi.
Lekin hali tizimda kamchiliklar, hududlar va tarmoqlarda foydalanilmayotgan imkoniyatlar koʼp. Boʼsh turgan joylarni iqtisodiy aktivga aylantirish, auktsionga qoʼyilgan tayyor binolarni sotishda sustkashliklar bor.
Masalan, hududning ixtisoslashuvi, kommunikatsiya oʼtkazish imkoniyati oʼrganilmasdan auktsionga chiqarilgan 1,5 ming gektar yer 1 yildan ortiq sotilmagan. 4 mingta yer uchastkasini auktsionga chiqarishda kelishish jarayonlari kechikkan. Vazirlar va hokimlar oʼtgan yili sotilishi kerak boʼlgan 243 ta mulkni Davlat aktivlari agentligiga oʼtkazib bermagan.
Yirik davlat korxonalarida ham ishlar jadal emas. “Аvtosanoat”, “Kimyosanoat”, “Metallurgiya kombinati”, “Oʼzbekneftgaz” kabi 22 ta korxona haligacha xalqaro moliyaviy hisobot yuritishga oʼtmagan. “Oʼzbekiston pochtasi”, “Uzbekistan Airports”, “Oʼzbekiston temir yoʼllari” haligacha kredit reytingi olmagan.
Tanqidiy ruhda oʼtgan yigʼilishda bu kabi masalalarni hal etib, ishlarni jadallashtirish zarurligi koʼrsatib oʼtildi. Xususiylashtirish sohasidagi 2025 yilgi maqsadlar belgilab olindi. Jumladan:
- 30 trillion soʼmlik davlat mulkini sotib, byudjetga kamida 10 trillion soʼm tushumni taʼminlash;
- 116 ta korxonadagi davlat ulushini va 581 ta koʼchmas mulk obʼektini sotuvga chiqarish;
- 6,1 ming gektar yerni auktsionga qoʼyib, sotish hajmini 6 trillion soʼmga yetkazish;
- kamida 300 ta kon va maydonni tashabbuskorlarga taklif etib, 500 milliard soʼm tushum tushirish.
Bularning natijasida iqtisodiyotga qoʼshimcha investitsiyalar kirib kelib, tadbirkorlikka imkoniyat kengayadi, minglab ish oʼrinlari paydo boʼladi.
Yigʼilishda bu maqsadlarga erishish uchun bir qator yengilliklar berilishi eʼlon qilindi.
Endi tadbirkorlar kamida besh yil ijarada foydalangan davlat mulkini toʼgʼridan-toʼgʼri oʼzi sotib olishi mumkin boʼladi. Bugungi kunda 632 ta shunday obʼekt bor. Ushbu mulklarni ijarachilarning oʼziga sotish orqali kamida 2 trillion soʼm tushum qilish mumkin.
Paxtasanoatning sotilmay qolgan 131 ta aktivlarini boshlangʼich bahosi 50 foizgacha pasaytirilib, auktsionga chiqariladi. Bunda, tadbirkorlarga toʼlovlarni uch yilgacha boʼlib toʼlash imkoniyati beriladi.
Hozirda respublikadagi 537 ta bozor va savdo majmualarining kamida 51 foiz ulushi mahalliy hokimliklarga tegishli. Endi bu tartib ham oʼzgaradi. Bozorlarda mahalliy hokimlikning majburiy ishtirok etishi toʼgʼrisidagi talab bekor qilinadi. Bu ham tadbirkorlar uchun qoʼshimcha imkoniyat boʼladi.
Yer maydonlarini sotish boʼyicha ham imkoniyatlar kengaytiriladi. Masalan, auktsionda uzoq vaqtdan buyon sotilmay turgan, maydoni kichik boʼlgan yonma-yon joylashgan yer uchastkalari birlashtirilib, qayta auktsionga chiqariladi.
Davlat aktivlaridan samarali foydalanib, mahalliy byudjetga tushumni koʼpaytirish boʼyicha yaxshi tajribalar ham bor. Misol uchun, Toshkent shahrida munitsipal toifadagi joylar xatlov qilinib, elektron bazasi yaratildi. 102 ta samarasiz bino hamda 97 gektar boʼsh yer aniqlanib, auktsionga chiqarish boshlandi. Oʼtgan yili bino-inshootlar ostidagi 118 gektar yer uchastkalarini xususiylashtirishdan 60 milliard soʼm tushum boʼldi. Bu – 2022 yilga nisbatan 5 karra koʼp degani.
Endi ushbu tajriba barcha viloyat markazlarida, keyingi yil tumanlarda joriy qilinadi.
Sohadagi yana bir muhim masala – davlat ishtirokidagi korxonalarni xalqaro bozorga olib chiqish. Bugungacha ushbu tizim oʼzini oqlagan va samarasini bergan. Xalqaro tashkilotlar ham buni eʼtirof etayapti.
Mutasaddilarga ekspertlarni jalb qilgan holda bu jarayonlarni davom ettirish vazifasi qoʼyildi. Bu yil xalqaro bozorlarda yana 28 ta, keyingi yil 10 ta yirik korxona aktsiyalari ommaviy savdoga chiqarilishi belgilandi.
Bosh vazirga bu boʼyicha “yoʼl xaritasi” tasdiqlab, ijrosini har oyda muhokama qilib borish topshirildi.
Yigʼilishda muhokama qilingan maslalar yuzasidan vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar axborot berdi.

