Amaldagi qonunchilik hujjatlarida baholash va baholash yoʻnalishidagi sud ekspertlik faoliyatini tartibga soluvchi ayrim boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida, “Baholash faoliyatining yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida” Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi (2024-yil 26-avgustdagi OʻRQ-945-son).
Ushbu Qonunda:
- “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 42-moddasiga kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan, baholovchi nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻtkazadigan tekshirishlarda va boshqa tadbirlarda baholovchi tashkilot hamda ushbu organlar oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosidagina mutaxassis yoki ekspert sifatida ishtirok etishi mumkinligi;
- “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi Qonunning 11-moddasiga kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarda qoʻllanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtayi nazaridan sud ekspertizasi kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan sud ekspertlari tomonidan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilishi hamda 16-moddasidagi oʻzgartirishlarga asosan sud ekspertining majburiyatlarida “tekshirishlarni oʻtkazishda sud ekspertining xulosasiga nisbatan belgilangan talablarga, shuningdek tegishli sohadagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishi” belgilangan.
Shunga koʻra, baholovchilarni nazorat qiluvchi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻtkazadigan tekshirishlarda va boshqa tadbirlarda ekspert sifatida ishtirok etishining huquqiy asoslari yaratildi.
Shuningdek, sud ekspertlar tomonidan baholash toʻgʻrisidagi hisobotlar boʻyicha qoʻllanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtayi nazaridan sud ekspertizasi oʻtkazilishi belgilanib, baholovchi tashkilot tomonidan tayyorlanadigan baholash toʻgʻrisidagi hisobotning ishonchliligi boʻyicha ekspert xulosasidan farqi aniq belgilandi.
Oʻz navbatida, baholash jarayonini tartibga soluvchi Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartiga sud ekspertlik faoliyatida rioya etilishi sud ekspertlar majburiyatida aniq koʻrsatildi.
Qonunning to'liq matn --> batafsil

