Soʻnggi yillarda iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish, davlat mulkini xususiylashtirish orqali xususiy sektor ulushini oshirish va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun sharoit yaratish, samarasiz ishlayotgan va istiqbolsiz korxonalarni tugatish yuzasidan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlarning uzviy davomi sifatida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi “Iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-162-sonli qarori qabul qilindi.
Qaror bilan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi maqsadlari ijrosini ta'minlash, iqtisodiyotning xususiy sektor rivojlangan tarmoqlarida davlat ishtirokini keskin kamaytirish, xususiy sektor faoliyat koʻrsatishi uchun qulay raqobat muhitini yaratish hamda xususiylashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish maqsadida ommaviy savdolarga chiqariladigan qishloq xo’jaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalari sotilmagan taqdirda bosqichma-bosqich narxini pasaytirish tartibi belgilab berilmoqda.
Jumladan:
- 2024-yil 1-maydan boshlab, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan er uchastkalarini sotishni tezlashtirish va ular negizida ishlab chiqarish (xizmat koʻrsatish) obektlarini ishga tushirishni ragʻbatlantirish maqsadida auksion savdolariga chiqarilgan yer uchastkalari (Toshkent shahri va viloyat markazlari bundan mustasno) uch oy davomida sotilmaganda, ularning boshlangʻich narxi 30 foizigacha, olti oy davomida sotilmaganda 10 foizigacha bosqichma-bosqich 10 foizdan pasaytiriladi va sotib olish toʻlovlarining 15 foizini uch oy muddatda, qolgan qismini 10 yilgacha muddatda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati berilmoqda;
- ixtisoslashuvi hamda kichik biznes uchun mavjud sharoitdan kelib chiqib 4 va 5-toifalarga kiritilgan tumanlarda joylashgan davlat aktivlari hamda mulk huquqi asosida sotib olingan yer uchastkalari boʻyicha:
- dastlabki toʻlov summasi 35 foizdan kam boʻlgan hollarda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi boʻyicha foizlarni hisoblash tartibi bekor qilinmoqda;
- toʻlovlarni, miqdoridan qat'i nazar, 5 yil ichida teng ulushlarda boʻlib-boʻlib toʻlash imkoniyati yaratilmoqda;
- qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini kredit ta’minoti sifatida garovga qoʻyish uchun amalga oshiriladigan dastlabki toʻlov miqdori 35 foizdan 15 foizga pasaytirilmoqda.
Ayni paytda “E-auksion” elektron savdo platformasida Sirdaryo viloyatidan 3 000 dan ortiq yer uchastkalari savdoda turibdi. Istagan shaxs savdolarda qatnashish uchun Platformadan roʻyxatdan oʻtishi va talab etilgan miqdordagi zakalat pulini kiritgan holda onlayn-auksion savdolarida ishtirok etishi mumkin.
Shuhrat BITURAYEV
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ
Sirdaryo viloyati hududiy vakili

