Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 8-iyundagi “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta'minlash, erga boʻlgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-6243-son Farmoni bilan boshlangan yer munosabatlari sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida:
2024 yil 6 sentyabr kuni “Tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirishda yer resurslarining investitsiyaviy imkoniyatlaridan samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-135-sonli Farmoni qabul qilindi va unda quyidagilar belgilandi.
a) qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi yoki ijara huquqi asosida, qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan er uchastkalarini ijara huquqi asosida sotib olish qiymatini quyidagi shartlarda har oyda teng ulushlarda, qoldiq summaga Markaziy bankning asosiy stavkasida foiz hisoblagan holda boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat berildi, bunda:
- Toshkent, Nukus shaharlari va viloyatlar markazlarida — 3 yil davomida kamida 35 foiz miqdorida dastlabki toʻlovni oʻn besh ish kunida amalga oshirish sharti bilan;
- boshqa aholi punktlarida — 5 yil davomida kamida 15 foiz miqdorida dastlabki toʻlovni oʻn besh ish kunida amalga oshirish sharti bilan;
- 4- va 5-toifalardagi tumanlarda esa 10 yil davomida kamida 15 foiz miqdorida dastlabki toʻlovni oʻn besh ish kunida amalga oshirish sharti bilan boʻlib-boʻlib toʻlashga ruxsat beriladi.
b) barcha turdagi yer uchastkalarining qiymati oʻn besh ish kunida toʻliq toʻlangan taqdirda, jami summaga nisbatan 20 foiz chegirma berilishi belgilandi. (bundan boshlangʻich narxi 50 foizdan ortiqqa pasaytirilgan er uchastkalari mustasno).
Joylardagi hokimliklarga sanoat zonalari, aholi punktlari hududlarining qismlari, xususan, yangi barpo etiladigan koʻp kvartirali va yakka tartibdagi uy-joy massivlari, savdo va xizmat koʻrsatish majmualari hududlarini shaharsozlik jihatidan rejalashtirish ishlariga belgilangan shartlarga muvofiq loyiha tashkilotlarini eng yaxshi takliflarni tanlash asosida jalb qilish huquqi beriladi.
Shuningdek Farmonga koʻra, xususiy investorlar tashabbusi bilan yangi massivlarni barpo etishda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar belgilangan asosiy shartlarga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Bunda, xususiy investorga tegishli yer uchastkalari hamda ular oraligʻida joylashgan koʻp kvartirali uylarga tutash yerlar va umumiy foydalanishdagi yerlar Koʻchmas mulkni birlashtirish va uning yangi chegaralarini belgilash dalolatnomasi asosida yagona yer uchastkasiga birlashtiriladi.
Belgilangan hollarda yangi massivlar, qoida tariqasida, boʻsh turgan yer uchastkalari oʻrnida tashkil etiladi, bunda loyiha yangi massiv hududidagi yer uchastkalarini davlat mulki sifatida davlat roʻyxatidan oʻtkaziladigan yagona yer uchastkasiga birlashtirish orqali amalga oshiriladi.
Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini mulk huquqi, ijara huquqi va doimiy foydalanish huquqi bilan yangidan ajratishda belgilangan asosiy shartlar asosida mazkur yer uchastkasida bino va inshootlarni loyihalash, qurilishni boshlash va yakunlash hamda obyektni foydalanishga topshirish muddatlari majburiy ravishda koʻrsatiladi.
Yangi realizatsiya qilingan yer uchastkalariga nisbatan obyektni foydalanishga topshirish davriga teng boʻlgan, biroq 3 yildan koʻp boʻlmagan muddatda yer soligʻi stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllanadi.
“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Sirdaryo viloyati vakili Ermakov Obid

