Joriy yil 9-iyun kungi eʼlonga muvofiq, “Universal Mobile Systems” MChJ ustav kapitalidagi 100 foiz davlat ulushini (keyingi oʻrinlarda — “MobiUz”, Aktiv) sotish boʻyicha xalqaro ochiq savdo jarayonlari boshlangan.
Oʻtgan davrda mazkur xususiylashtirish jarayoni boʻyicha amalga oshirilgan keng koʻlamli targʻibot-tashviqot tadbirlari doirasida strategik va moliyaviy konsultant xalqaro investitsiya banki “Rothschild & Co” va moliyaviy konsultant “KPMG” xalqaro kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda — Konsultantlar) 100 dan ortiq salohiyatli strategik va moliyaviy investorlar bilan individual muloqotlar olib bordi.
Natijada, belgilangan muddat — 2025-yil 1-avgust soat 18:00 (Toshkent vaqti)ga qadar AQSh, Yevropa, Arab davlatlari, Yaqin Sharq, Kavkazorti, Sharqiy va Markaziy Osiyo mintaqalaridan 15 ta kompaniyalardan (xorijiy va mahalliy) aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalari (EoI) Konsultantlarga kelib tushdi.
Konsultantlar tomonidan arizalar mazkur bosqichda belgilangan mezonlar asosida tahlil etildi:
- moliyaviy imkoniyatlarning yetarliligi;
- huquqiy toʻsiqlar mavjud emasligi;
- jinoiy daromadlar va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi qonunchilikka rioya qilish holati;
- Yevropa Ittifoqi, AQSh va xalqaro moliya institutlari sanksiyalari roʻyxatlariga kiritilmaganligi;
- davlat kompaniyasi maqomiga ega emasligi.
Tahlil natijasiga koʻra, Konsultantlar tomonidan barcha talabgorlarni Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO)ni taqdim etish bosqichiga oʻtkazish tavsiya etildi.
Shu bilan birga, raqobat muhitini kuchaytirish va savdo jarayoni samaradorligini oshirish maqsadida, Davlat aktivlari agentligi NBO bosqichi yakunlanguniga qadar qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalar (EoI)ni taqdim etish jarayonida ishtirok etish uchun qoʻshimcha ehtimoliy investorlarni jalb qilish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Navbatdagi — NBO bosqichida quyidagi ishlar amalga oshiriladi:
- Talabgorlar bilan axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitimlar (NDA) imzolash;
- Konsultantlar tayyorlagan MobiUz faoliyati haqidagi umumiy va tahliliy maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan axborot jamlanmasi (Information Memorandum), shuningdek, menejment tomonidan tasdiqlangan va mustaqil konsultant tomonidan maʼqullangan asoslarga ega moliya modeli (Financial Model) saqlanadigan virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish imkoniyatini yaratish;
- Talabgorlar tomonidan zarur tahlillar va MobiUzni faoliyatini oʻrganish imkoniyatlarini yaratish.
Konsultantlar tomonidan Aktivni sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (EoI) bosqichida ariza bergan barcha talabgorlarga individual ravishda jarayon xati (Process letter) orqali NBO bosqichida ishtirok etish tartibi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot beriladi.
Konsultantlar tomonidan Majburiyatga ega boʻlmagan takliflar (NBO) 2025-yil 15-oktabr soat 23:59 (Toshkent vaqti)ga qadar qabul qilinadi.
Qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:
- Oleg Pushkarev, “Rothschild & Co” direktori: oleg.pushkarev@rothschildandco.com; tel.: +971 50 645 8679
- Farxad Babayev, “Rothschild & Co” kichik direktori: fara.babaev@rothschildandco.com; tel.: +971 56 218 0356
- Saltanat Sandikbayeva, “KPMG”ning Oʻzbekistondagi hamkori: ssandykbayeva@kpmg.com; tel.: +998 90 099 21 20
- Shohrux Oxunov, Davlat aktivlari agentligining boshqarma boshligʻi: sh.oxunov@davaktiv.uz; tel.: +998 71 259 20 23
Davlat aktivlari agentligi xususiylashtirish jarayoniga qiziqish bildirgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiradi va birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan talabgorlar bilan keyingi bosqichda samarali hamda konstruktiv hamkorlikka ishonch bildiradi.
Diskleymer
Davlat aktivlari agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.
Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligining Aktivni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:
(i) Qiziqish bildirish, Majburiyatga ega boʻlmagan takliflarni qabul qilish va boshqa arizalarni taqdim etish muddatlarini oʻzgartirish;
(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;
(iii) aniq sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;
(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni olib borish/tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.