2026-yil 28-avgust kuni Yangi Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Marosimda so‘zga chiqqan Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan davrdagi yutuqlar va oldinda turgan vazifalar haqida so‘zladi.
Davlatimiz rahbari mustaqillik ildizlari uch ming yildan ziyod davlatchilik an’analariga borib taqalishini ta’kidladi. Jadid bobolarimiz — Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon — orzu qilgan erkin va mustaqil O‘zbekiston bugun ro‘yobga chiqqanini alohida qayd etib, davlatimiz rahbari Birinchi Prezident Islom Karimovning xotirasini ham ehtirom bilan yod etdi.
Nutqda «inson qadri» g‘oyasi barcha islohotlarning o‘zagi sifatida ko‘rsatildi. Paxta qulligi, majburiy va bolalar mehnati, konvertatsiya cheklovi, propiska tizimi kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berilgani ta’kidlandi. Natijada kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirildi, 650 mingdan ziyod oila zamonaviy uy-joyga ega bo‘ldi, 10 million insonning turmush sifati yaxshilandi.
Iqtisodiy sohada ham sezilarli natijalarga erishilgani qayd etildi: xorijiy investitsiya hajmi yiliga 2–3 milliard dollardan 40–50 milliard dollarga yetkazildi, «Iqtisodiy erkinlik indeksi»dagi o‘rin 80 pog‘ona yaxshilandi.
Ta’lim sohasida bog‘cha qamrovi 78 foizga, talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetkazildi, ularning yarmidan ko‘pini qizlar tashkil etmoqda. Sog‘liqni saqlash sohasiga ajratilayotgan mablag‘ 8 karradan ziyod oshirilib, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991-yildagi 66,4 yoshdan 2025-yilda 75,4 yoshga yetkazildi.
Prezident mamlakatimizning fan-texnologiya sohasidagi yutuqlarini ham alohida ta’kidladi — istiqlol bayrami arafasida «Samarqand — 2028» sun’iy yo‘ldoshi fazoga uchirilgani va o‘zbek tilining raqamli dunyoda ilm-texnologiya tiliga aylanishi strategik vazifa etib belgilandi.
Nutqda davlatimiz rahbari kelgusi o‘n yillikni milliy yuksalish davri deb atadi va shu maqsadda «Yuksalishning yetti milliy dasturi» amalga oshirilishini e’lon qildi. Dasturlar ta’lim va malaka, sog‘liqni saqlash, yuqori texnologik iqtisodiyot, ekologiya, sud mustaqilligi, mahalla instituti va xalqaro hamkorlik yo‘nalishlarini qamrab oladi.
«Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz», — dedi Prezident nutqini yakunlar ekan. — «Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!»

