Yangiliklar

10 Iyul 2025

“Oʻzagrosugʻurta” AJ sugʻurta kompaniyasining xalqaro xususiylashtirish jarayoni boshlandi

Tegishli xususiylashtirish dasturiga asosan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda – “Davlat aktivlari agentligi”)  “Oʻzagrosugʻurta” AJ ustav kapitalidagi 99,35% davlat aksiyalar paketini (keyingi oʻrinlarda – “Aktiv”) xususiylashtirish boʻyicha xalqaro ochiq savdo jarayoni boshlanganligini eʼlon qiladi.

 

Xalqaro darajada xususiylashtirish jarayonini muvaffaqiyatli va samarali tashkil etish maqsadida “Deloitte” xalqaro kompaniyasi – yetakchi moliyaviy konsultant sifatida hamda moliyaviy, soliq va yuridik ekspertiza (“vendor due diligence”) oʻtkazish boʻyicha, shuningdek, mustaqil baholovchi sifatida “PwC” xalqaro kompaniyasi jalb qilingan.

 

Qisqacha maʼlumot:

 

“Oʻzagrosugʻurta” AJ – Oʻzbekistondagi yirik sugʻurta kompaniyalardan biri boʻlib, sugʻurta sohasining barcha 17 ta klassi boʻyicha yuridik va jismoniy shaxslarga 100 dan ortiq sugʻurta xizmatlarini Respublika boʻylab 1000 nafarga yaqin sugʻurta agentlari orqali taqdim etadi.

Aktiv, Moody’s Investors Service xalqaro reyting agentligining «Ba3» - o‘rtacha darajadagi hamda barqaror moliyaviy holatini aks ettiradigan kredit reytingiga ega bo‘lib, 2024-yil yakuniga koʻra kompaniyaning sugʻurta mukofotlari 418,2 mlrd soʻmni tashkil etgan.

 

Sotish jarayoni toʻgʻrisida:

 

Aktivni xususiylashtirish jarayoni ochiq raqobat asosida amalga oshiriladi, u ham mahalliy va ham xalqaro darajada barcha qiziqish bildirgan shaxslar uchun ochiqdir.

 

Savdo jarayoni ikki bosqichda amalga oshiriladi:

  • Sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (“Expression of interest/ EoI”);
  • Majburiyatga ega boʻlgan takliflarni qabul qilish (“BO”).

 

Sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish (“Expression of Interest/ EoI”) bosqichini amalga oshirish jarayoni:

 

Qiziqish bildirish bosqichida talabgorlardan quyidagi maʼlumotlar bilan sotib olish boʻyicha qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini (Express of interest) taqdim etishlari soʻraladi:

 

  1. Talabgor toʻgʻrisida qisqacha maʼlumot (roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, faoliyat turi).
  2. Ishtirokchining ustav kapitalida 5% dan ortiq ulushga ega boʻlgan aksiyadorlar/ishtirokchilar (ulushi koʻrsatilgan holda) hamda yakuniy benefitsiarlar toʻgʻrisida maʼlumot.
  3. Soʻnggi 3 moliya yili uchun moliyaviy hisobot.

 

Talabgorlar qiziqish bildirishi toʻgʻrisidagi arizalarini oʻzbek, rus yoki ingliz tillarida tayyorlab, 2025-yil 22-avgust Toshkent vaqti bilan soat 23:59ga qadar jmamadjanov@deloitte.uz elektron pochta manziliga yuborishlari talab etiladi.

 

Kelib tushgan arizalar quyidagi mezonlar asosida saralanadi:

 

  • Aktivni sotib olish uchun moliyaviy resurslarining yetarliligi;
  • xususiylashtirish jarayonida ishtirok etilishini taqiqlashi mumkin boʻlgan maʼmuriy, hakamlik yoki boshqa sud jarayonlarining yoʻqligi;
  • Oʻzbekiston Respublikasining 660-II-sonli “Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuniga rioya etilishi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning aksiyadorlari/ishtirokchilarining hech biri davlat kompaniyasi emasligi;
  • Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQSHning, shuningdek yirik xalqaro moliya institutlarining (Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki) sanksiyalari roʻyxatiga kiritilmagan boʻlishi. Shu bilan birga, ariza topshirilgan sanada talabgorlar sanksiyalangan shaxs(lar) yoki yuqorida aytib oʻtilgan sanksiya organlari tomonidan har qanday ish yoki tergov obyekti(lari) boʻlmasligi, talabgorlar (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri) va uning tegishli shaxslaridan hech biri yuqorida aytib oʻtilgan muassasalar va davlatlarning sanksiyalar rejimiga zid boʻlgan har qanday faoliyatga (toʻgʻridan-toʻgʻri yoki biron bir shoʻba korxonasi orqali) jalb etilmagan boʻlishlari va Talabgor (konsorsium holatida, konsorsium aʼzolaridan hech biri), shuningdek uning tegishli shaxslaridan birortasining asosiy moliyalashtiruvchi tomonlari yoki kreditorlari sanksiyadagi shaxslar yoki sanksiyadagi shaxslarga tegishli boʻlgan yoki ular tomonidan egalik va nazorat qilinadigan banklar yoki moliya institutlari boʻlmasligi.

 

Qiziqish bildirish toʻgʻrisidagi arizalarini qabul qilish yakunlangach, navbatdagi bosqichga oʻtganlar roʻyxati shakllantiriladi va Davlat aktivlari agentligi tomonidan mazkur bosqich natijasi boʻyicha tegishli eʼlon beriladi. “Deloitte” tomonidan qiziqish bildirgan barcha talabgorlarga Jarayon xati (Process Letter) orqali jarayon natijalari va keyingi bosqich toʻgʻrisida individual ravishda xabardor qilinadi.

 

Qoʻshimcha maʼlumotlar uchun quyidagi aloqa kanallariga murojaat qiling:

 

  • Jaxongir Mamadjanov, “Deloitte”ning Oʻzbekistondagi rahbari: jmamadjanov@deloitte.uz; tel.: +998 90 188 71 11;
  • Mullajonov AbrorDavlat aktivlari agentligi mas'ul xodimi: a.mullajonov@davaktiv.uz; tel.: +998 71 259 22 16

 

Sotish jarayonining kelgusi bosqichlari toʻgʻrisida:

 

Navbatdagi, Majburiyatga ega boʻlgan (BO) takliflarni qabul qilish bosqichiga oʻtgan ishtirokchilar bilan Axborotni oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim (NDA) imzolanadi va majburiyatga ega boʻlgan tijorat takliflarini tayyorlash uchun virtual maʼlumotlar xonasiga (VDR) kirish taʼminlanadi hamda “Deloitte” kompaniyasi tomonidan tayyorlangan korxonaning moliyaviy, soliq va yuridik faoliyati boʻyicha kompleks tahliliy hisobotlar (vendor due diligence)ni oʻrganish, Aktivga tashrif buyurish va uning faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻladi.

 

Shu bilan birga, Majburiyatga ega takliflar (BO)ni taqdim etishdan avval, ishtirokchilarga Aktivni sotib olish va uning kelgusidagi faoliyati boʻyicha asosiy shartlar toʻgʻrisidagi Bitim (“Term Sheet”) taqdim etiladi hamda taklif qilinayotgan majburiyatga ega boʻlgan narx takliflarining kamida 1% miqdoridagi kafolat toʻlovini kiritish talab etiladi.

 

Ushbu eʼlon chop etilgandan soʻng, “Deloitte” xalqaro bozorlarda Aktivni targʻib qilish, investitsiya tizerlarini ofislari tarmogʻi orqali tarqatish va strategik investorlar bilan faol muloqotga kirishish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

 

Davlat aktivlari agentligi Konsultant – “Deloitte” bilan hamkorlikda savdoning har bir bosqichi toʻgʻrisida jamoatchilikka axborot berib, ishtirokchilarni xabardor qilib borilishini taʼminlaydi.

 

Diskleymer:

Davlat aktivlari agentligi sotish jarayonining ketma-ketligini oʻzgartirish yoki potensial xaridorga (xaridorlarga) sotishni yoki sabablarini tushuntirmasdan istalgan vaqtda ular bilan muzokara olib borishni rad etish huquqini oʻzida saqlab qoladi.

Ushbu eʼlon yoki uning mazmunining biron-bir qismi mazkur eʼlon chop etilishidan kelib chiqib taxmin qilinishi mumkin boʻlgan Davlat aktivlari agentligining Aktivni sotish bilan bogʻliq biror-bir shakldagi majburiyati sifatida talqin qilinmasligi kerak. Davlat aktivlari agentligi oʻz xohishiga koʻra har qanday vaqtda va har qanday munosabatda, birgalikdagi yoki shaxsiy javobgarlikni oʻz zimmalariga olmasdan:

(i) savdo jarayonining bosqichlari muddati va tartibini oʻzgartirish;

(ii) turli xil manfaatdor tomonlar uchun turli xil tartib-qoidalar boʻyicha ish tutish va/yoki Davlat aktivlari agentligi tomonidan koʻzda tutilgan reja-jadval va tartib doirasida istalgan boshqa potensial xaridorni (xaridorlarni) oldindan ogohlantirmasdan chiqarib tashlagan holda bir yoki bir nechta potensial xaridorlar bilan muzokaralar olib borish;

(iii) aniq sababga koʻra sotish jarayonini toʻxtatish;

(iv) va/yoki istalgan vaqtda va sabablarni tushuntirmasdan Savdoga taalluqli boʻlgan har qanday potensial xaridor (xaridorlar) bilan har qanday muhokama va muzokaralarni olib borish/tugatish huquqlarini oʻzida saqlab qoladi.

3 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech