Yangiliklar

19 Oktyabr 2026

Ona tilimiz – qadriyatimiz: boshqarmada kitoblar ko’rgazmasi va shoir bilan onlayn uchrashuv bo’lib o’tdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Sirdaryo viloyat hududiy boshqarmasida 21-oktyabr – O’zbek tili bayrami kuniga bag’ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo’lib o’tdi.

Ma’lumki, 1989-yil 21-oktyabrda o’zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan. Bu sana xalqimiz tarixida milliy o’zlikni anglash, ona tilining qadrini tiklash yo’lidagi muhim bosqich sifatida qayd etiladi. Har yili ushbu kun yurtimizda keng nishonlanadi.

Bayram munosabati bilan boshqarmada xodimlar ishtirokida kitoblar ko’rgazmasi tashkil etildi. Ko’rgazmada mumtoz va zamonaviy o’zbek adabiyoti namunalari, she’riy to’plamlar, tilshunoslikka oid nashrlar hamda ma’naviyatga doir kitoblar namoyish etildi. Xodimlar ko’rgazma bilan yaqindan tanishib, kitobxonlik, ona tilining boyligi va uni asrab-avaylash haqida fikr almashdilar.

Shuningdek, shu kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan Zoom platformasi orqali onlayn tadbir o’tkazildi. Unda Agentlik xodimlari, hududiy boshqarmalar vakillari hamda taniqli shoir Bobur Bobomurod ishtirok etdi. Uchrashuvda o’zbek tilining jamiyat hayotidagi o’rni, davlat tilida ish yuritishni takomillashtirish, yoshlar o’rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalalari muhokama qilindi. Shoir ishtirokchilar bilan samimiy suhbat qurib, ona tilining go’zalligi va badiiy so’zning qudrati haqida so’z yuritdi.

Tadbirlar ishtirokchilarda ona tiliga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat tuyg’ularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

7 Chop etish
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech